Xabi Alonso: Taqdir(lar) hal qilinadigan kunmi?

Real Madrid-Manchester Siti.

Bernardo Silva aytganidek: Biz Real bilan har yili o‘ynaymiz. Go‘yo bu Liga o‘yini (Bu bir nosning kayfiday kayf). To‘g‘ri oxirgi yillarda Real va Siti Yevropa yangi Klassikosiga aylanib ketdi. 2022-yildan beri bu jamoalar o‘yinlari ko‘proq otishmaga o‘xshaydi. Har yili turli ssenariylar. Qizig‘i shu to‘qnashuvlarda g‘alaba qozongan jamoa ko‘pincha oxirida Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan: 2022- Real; 2024-Real; 2023-Siti.

Ho‘p shunday ekan hozir bu uchrashuv nimasi bilan muhimroq va nimasi bilan ajralib turadi degan savol tug‘iladi. Sababi bu Real Madrid murabbiysi Xabi Alonso uchun so‘ngi imkon bo‘lishi mumkin. Bavariyasi bor Bundesligada, Bayerdek jamoa bilan o‘z uslubini qurib, Chempion bo‘la olgan yosh “jo‘shqin” murabbiylardan sanalmish Xabi Alonso o‘zi yomon bolamas!

Anchelottidan keyin Realga eng munosib ko‘rilgan nomzod Xabi Alonso mavsumni ajoyib boshladi. Avgust oyining eng yaxshi murabbiyi bo‘ldi. Lekin oxirgi 7 o‘yinda 2 ta g‘alaba, ayniqsa Bernabeuda Selta bilan 0:2…

Bilamiz Xabi tizimli futbol qurmoqchi; bilamiz u Bayerda ishlagan; bilamiz u o‘zi Realda o‘ynagan. Xo‘sh nima unda notog‘ri? Hammasi yaxshi ediku Avgustda. Barsani ham yutishdi axir. Va nihoyat, Barsa-Real deganda Realchilar ham choyxonada faqat 15 ta kubokni emas, El Klassikodagi g‘alabani ham maqtana olishdi.

Nima buzilib qoldi?

“ISHONCH”

Meni o‘ylashimcha Realdagilar Alonsoga to‘liq ishonishmayapti. Muhit buzilgan. Selta bilan o‘yinni ko‘rsak ham futbolchilar 4-4-2 sxemasida qanchalik besamar harakat qilish mumkin bo‘lsa, shunchalik bo‘lishdi. Buni atayin qilishdimi yoki yo‘q, bizga qorong‘u. To‘g‘ri Alonso futbolchilarni yangi pozitsiyalarda eksperiment qilib ko‘ryapti. Tizimli jamoaviy futbol qurmoqchi bo‘lyapti. Bosh murabbiy sifatida bunga to‘liq haqdor.

Lekin Kurtua aytganidek:

“Biz ancha payt Anchelotti qo‘l ostida o‘ynadik. Yangi uslubga moslashishimizga vaqt kerak.”

To‘ppa to‘gri vaqt kerak. Agar Alonsoni holati boshqa bir jamoada bo‘lganda bunday muammo ham bo‘lmas edi. Chunki boshqalar imkoniyat beradi. Jamoani qurishga, tizim yaratishga, uzoq vaqt ketishiga ko‘z yumishadi. Gvardiola ham o‘yindan oldin to‘g‘ri ta’kidladi:

“Realda ishlash qiyin. Agar men o‘tgan yilgi natijani Realda qilganimda, mavsumni yarmida iste’foga chiqarishgan bo‘lardi.”

Shu fikrlar ham ko‘rsatadiki, hamma kutadi, hatto xotin ham. Lekin Real kutmaydi. Buni o‘yindan oldin Alonsoga ultimatum qo‘yganidan ham bilsa bo‘ladi. Xullas Alonsoda vaziyat og‘ir. Butun bir himoya chizig‘idan ayrilgani o‘lganni ustiga tepgan bo‘lyapti.

  • Eder Militao
  • Dani Karvaxal
  • Trent Aleksander-Arnold
  • Ferlan Mendi
  • Din Xoysen
  • David Alaba
  • Eduard Kamavinga

Bu o’yinchilar jamoaga yordam bera olmaydi. Rudigerdan himoya qo‘rg‘oning so‘ngi magikani bo‘lish talab etiladi.

“UYDA DEVORLAR HAM YORDAM BERADI”

Shuncha muammolarga qaramasdan bir muhim va tushuntirib bo‘lmas jihatni esdan chiqarmaslik zarur. BU- REAL! bu noreal ishlar qila oladigan Real! Chempionlar ligasini o‘tgan mavsumida Real uyda 14 ta uchrashuvdan 13 tasida g‘alaba qozongan. Klub La Ligada 2-o‘rinda bo‘ladimi, 6-o‘rinda bo‘ladimi, hakamlar bilan muammolari bo‘ladimi, murabbiy bilan futbolchilar o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘ladimi, butun Yevropa qarshi bo‘ladimi, farqi yo‘q. Real Chempionlar ligasida boshqa jamoaga aylanadi. Bugungi Dekabrning sovuq havosida Madrid olov ichida bo‘ladi. Shuning uchun xulosa chiqarishga hali erta. Santiyago Bernabeoda 90 daqida bu juda ko‘p!